Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini tashxislash va davolashda zamonaviy tibbiyotning ilg‘or yutuqlari, yuqori texnologik jarrohlik usullari hamda innovatsion tibbiy texnologiyalar keng qo‘llanilmoqda.
Filialda yuqori malakali kardiologlar, kardiojarrohlar, intervension kardiologlar, anesteziolog-reanimatologlar va boshqa mutaxassislardan iborat jamoa tomonidan murakkab klinik holatlarda ham ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati mavjud.
Ochiq kardiojarrohlik amaliyotlari
Filialning zamonaviy operatsion blokida yurak va yirik qon tomirlar kasalliklarini davolashga qaratilgan murakkab ochiq kardiojarrohlik amaliyotlari bajariladi.
Jumladan:
- Koronar arteriyalarni aortokoronar shuntlash (AKSh), shu jumladan ko‘p tomirli koronar zararlanishlarda;
- Mitral, aortal va trikuspidal yurak klapanlarini protezlash;
- Yurak klapanlarini rekonstruktiv plastika qilish va ularni saqlab qolishga qaratilgan jarrohlik amaliyotlari;
- Bir vaqtning o‘zida bir nechta yurak klapanida jarrohlik amaliyotlarini bajarish;
- AKSh va yurak klapanlari operatsiyalarini bir vaqtning o‘zida o‘tkazish;
- Ko‘tariluvchi aorta va aorta ildizi patologiyalarida rekonstruktiv va protezlash operatsiyalari;
- Bentall operatsiyasi;
- Yurak bo‘shliqlaridagi o‘smalarni, jumladan, miksomalarni olib tashlash;
- Tug‘ma yurak nuqsonlarini jarrohlik yo‘li bilan korreksiya qilish;
- Avval kardiojarrohlik amaliyoti o‘tkazgan bemorlarda takroriy (Redo) operatsiyalar;
- Infeksion endokarditda zararlangan yurak klapanlari va tuzilmalarini rekonstruksiya qilish yoki protezlash.
Ushbu amaliyotlar bemorning klinik holati, kasallik xususiyati va individual ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, zamonaviy jarrohlik yondashuvlari asosida amalga oshiriladi.
Zamonaviy endovaskulyar va intervension amaliyotlar
Filialda yurak-qon tomir kasalliklarini kam invaziv usullar orqali davolashga qaratilgan yuqori texnologik endovaskulyar va intervension amaliyotlar ham bajarilmoqda.
Mazkur usullarning muhim afzalligi shundaki, ko‘p hollarda katta jarrohlik kesmalarisiz, maxsus kateterlar va rentgen-nazorat texnologiyalari yordamida davolash imkonini beradi.
Bugungi kunda quyidagi yuqori texnologik amaliyotlar amalga oshiriladi:
- Koronar arteriyalarni stentlash — yurakni qon bilan ta’minlovchi koronar tomirlardagi torayishlarni bartaraf etish;
- Tug‘ma yurak nuqsonlarini okklyuder yordamida yopish — yurakdagi ayrim nuqsonlarni ochiq jarrohliksiz bartaraf etish;
- Periferik qon tomirlarni stentlash — qo‘l va oyoq qon tomirlaridagi patologik torayishlarni davolash;
- Doimiy elektrokardiostimulyator o‘rnatish — bradiaritmiyalarda yurak ritmini me’yorlashtirish;
- TAVI (Transcatheter Aortic Valve Implantation) — aortal klapanni transkateter usulida almashtirish;
- TEVAR va EVAR — ko‘krak va qorin aortasi kasalliklarini endovaskulyar usulda davolash.
Innovatsion diagnostika texnologiyalari — IVUS va FFR
Koronar arteriyalardagi patologik torayishlarni yanada aniq baholash, davolash taktikasini to‘g‘ri tanlash va stentlash natijalarini optimallashtirish maqsadida filialda zamonaviy diagnostika texnologiyalaridan foydalanish imkoniyati mavjud.
IVUS (Intravascular Ultrasound) — tomir ichki ultratovush tekshiruvi bo‘lib, koronar arteriyalarning ichki tuzilishi, aterosklerotik blyashkalar xususiyati, tomir diametri va torayish darajasini bevosita baholash imkonini beradi.
FFR (Fractional Flow Reserve) — koronar arteriyadagi torayishning yurak mushagiga qon oqimiga ta’sirini va uning funksional ahamiyatini aniqlashga xizmat qiluvchi invaziv diagnostik usuldir.
Ushbu texnologiyalar koronar arteriya kasalliklarini individual baholash, intervension davolash taktikasini asoslash va muolaja samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Zamonaviy operatsion blok va tibbiy ta’minot
Yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilishida operatsion blokning texnik imkoniyatlari, mutaxassislarning tajribasi va ko‘p tarmoqli tibbiy jamoaning hamkorligi muhim o‘rin tutadi.
Filialning operatsion blokida murakkab kardiojarrohlik va endovaskulyar amaliyotlarni bajarish uchun zarur zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalaniladi.
Bunda:
- Yuqori malakali va tajribali kardiojarrohlik jamoasi;
- Zamonaviy anesteziologik va reanimatsion ta’minot;
- Sun’iy qon aylanishi texnologiyalari;
- Operatsiya davomida bemorning hayotiy muhim ko‘rsatkichlarini uzluksiz monitoring qilish;
- Murakkab va birlashgan jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyatlari;
- Operatsiyadan keyingi intensiv terapiya va tibbiy kuzatuv muhim ahamiyat kasb etadi.
Asosiy maqsad — bemorlar salomatligi va hayot sifatini yaxshilash
RIKIATM Qarshi filialida yuqori texnologik amaliyotlarni rivojlantirishdan asosiy maqsad — yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan bemorlarga zamonaviy, samarali va xavfsiz tibbiy yordamni o‘z hududining o‘zida ko‘rsatish, murakkab kasalliklarni davolash imkoniyatlarini kengaytirish hamda bemorlarning hayot sifatini yaxshilashdan iborat.
Biz zamonaviy tibbiyot imkoniyatlarini aholiga yaqinlashtirish, yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish va yurak salomatligini asrash yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqdamiz.