Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali o‘z faoliyatida halqaro sifat standartlarini joriy etish va amalda tatbiq qilish maqsadida halqaro sifat menejment tizimining asosiy mezoni bo‘lib xizmat qiluvchi ISO 9001:2015 sertifikatiga ega bo‘ldi.
ISO 9001:2015 — bu xalqaro standartlarga javob beruvchi tashkilot yoki kompaniyalarga beriladigan hujjat bo‘lib, mahsulot, xizmat yoki boshqaruv tizimlarining sifat, xavfsizlik yoki boshqa sohalarda belgilangan talablariga mos kelishini tasdiqlaydi.
Ushbu ISO 9001:2015 sertifikat filialimizda bemorlar uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlarning yuqori sifatini, jarayonlarning uzluksiz takomillashtirilishini, xalqaro talablarga muvofiqligini va tibbiy xizmat ko‘rsatishda samaradorlikning ortishini tasdiqlaydi. Bu, avvalo, filial jamoasining fidokorona mehnati, izchil va tizimli yondashuvi, xizmat sifatini doimiy ravishda oshirishga intilishi natijasidir.
Tadbir doirasida shifoxonamizga Hindistonning yetakchi tibbiyot kompaniyalaridan biri — “Meril Life Sciences” kompaniyasi vakili Gaurav Ashtikar tashrif buyurib, kompaniya faoliyati, ishlab chiqarilayotgan zamonaviy tibbiy mahsulot va texnologiyalar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi.
Mazkur taqdimot jarayonida kelgusida filialimizda joriy etilgan aortal klapan transkateter implantatsiyasi (TAVI) amaliyotini keng yo‘lga quyish rejalari muhokama qilindi. Ushbu texnologiya bemorlar hayoti sifatini yaxshilashda va og‘ir yurak kasalliklarini davolashda keng imkoniyatlarni ochib beradi. Aortal klapan transkateter implantatsiyasi (TAVI) amaliyotini Qarshi filialida to‘liq va muntazam yo‘lga qo‘yish bu nafaqat viloyatimiz, balki butun respublika aholisi uchun zamonaviy tibbiy yordam imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek 12.06.2025 yil Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridan taniqli kardioxirurg, tibbiyot fanlari doktori, professor Payvin Artyom Aleksandrovich ishtirokida mininvaziv kardiojarrohlik amaliyotilarini keng yo‘lga quyish maqsadida mahorat darslari o‘tkazilishi ham boshlandi.
Filialimiz tomonidan yurak-tomir jarrohligi sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish va mahalliy mutaxassislarning salohiyatini yanada oshirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
RIKIATM Qarshi filiali jamoasi bundan buyon ham aholi salomatligi yo‘lida tinimsiz mehnat qilishi va tibbiy xizmat sifati hamda qulayligini yanada oshirishga intilishi shubhasizdir.
