Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida “Viloyatda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni tashkil etish” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Alisher Boboyev, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining viloyat filiallari rahbarlari, OAV vakillari ishtirok etishdi.
Boshqarma boshlig‘i A.Boboyev mavzuga doir ma’ruza qildi.
Qayd etilishicha, tegishli meyoriy hujjatlar asosida viloyat darajasida ixtisosli yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy yuqori texnologiyali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda viloyatimizda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyat filiallari, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Vohamizda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Quyida ayrim misollarga murojaat qilsak.
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Qashqadaryo filialida 2023 yil davomida respublika mutaxassislari bilan birgalikda 10 nafar bemorda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlari amalga oshirildi.
Ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari viloyat filiallarida 134 nafar bemorga endoprotez qo‘yish, 94 nafarga neyrojarrohlik, 240 nafarga oshqozon-hazm tizimi, 33 nafarga urologik, 791 nafarga oftolmologik, 2133 nafarga kardiojarrohlik yo‘nalishda yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.
Shu o‘rinda qayd etish zarurki, viloyatda tor soha mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyoj doirasida 709,25 shtat vakant hisoblanadi.
Viloyatimizda 3 ta davlat va 1 ta xususiy tibbiyot muassasasida Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasidan ajratilgan 10 883 228 196 so‘mlik mablag‘ hisobidan 1284 nafar bemor sog‘lomlashtirildi.
Joriy yil 1 fevraldan viloyatimizda yana tibbiy xatlov tadbirlari boshlanadi. Bu tadbirlar natijasida aniqlangan xavf guruhlari asosida ixtisoslashtirilgan xizmatni aniq yo‘naltirish imkoniyatlari yanada oshadi.
2024 yil davomida viloyatda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yanada rivojlantirgan holda amalga oshirilgan yuqori texnologiyali operatsiyalar sonini yanada oshirish kutilmoqda. Eng muhimi, bunday amaliyotlar endi viloyat markazidan olis tumanlarga ham ko‘chmoqda.
Viloyatimiz shahar va tumanlarida yangidan tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan turdosh bo‘limlar negizida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish takomillashtirilmoqda.
Shuningdek, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini tashkil etish darajasida — maxsus tasdiqlangan jadval bo‘yicha tuman (shahar) va viloyat darajasidagi tashkilotlarning tor ixtisosli mutaxassislari tomonidan konsultatsiyalar berilishi, shuningdek, davolash va konsultativ-diagnostika yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning ayrim turlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Muhimi, bu kabi tadbirlar ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni xalqimizga yanada yaqinlashtirishga, odamlarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilishga xizmat qiladi.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.
